Navoiy viloyat DSENM
/ / Kuydirgi (Anthrax) kasalligining ta’rifi, tarixi, geografik tarqalishi, etiologiyasi, epizootologiyasi, epidemiologiyasi, patogenezi, klinikasi, tashxisi, qiyosiy tashxisi, davolash usullari, profilaktikasi va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar
/ / Kuydirgi (Anthrax) kasalligining ta’rifi, tarixi, geografik tarqalishi, etiologiyasi, epizootologiyasi, epidemiologiyasi, patogenezi, klinikasi, tashxisi, qiyosiy tashxisi, davolash usullari, profilaktikasi va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar

    Kuydirgi (Anthrax) kasalligining ta’rifi, tarixi, geografik tarqalishi, etiologiyasi, epizootologiyasi, epidemiologiyasi, patogenezi, klinikasi, tashxisi, qiyosiy tashxisi, davolash usullari, profilaktikasi va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar


    Kuydirgi (Anthrax) kasalligining ta’rifi, tarixi, geografik tarqalishi, etiologiyasi, epizootologiyasi, epidemiologiyasi, patogenezi, klinikasi, tashxisi, qiyosiy tashxisi, davolash usullari, profilaktikasi va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar.

    TA’RIFI

    Kuydirgi - spora hosil qiluvchi bakteriya qo’zg’atadigan (Bacillus anthracis), turli yuqish mexanizmlariga ega bo’lgan, asosan o’ziga xos karbunkul, ba’zida o’pka ichak va og’iz-tomoq shakllarida namoyon bo’ladigan zooantroponoz o’ta xavfli yuqumli kasallikdir.

    Sinonimlari: sibirka, kuydirgi karbunkuli yomon karbunkul, ilohiy olov, "fors olovi”, "eron alangasi” va h.k.

    TARIXI VA GEOGRAFIK TARQALISHI

    Kuydirgi qadimdan ma’lum kasallikdir. Abu Ali Ibn Sino, Gippokrat, Gomer va boshqalar bu xastalikni hayvonlardan odamga yuqadigan kasallik deb ta’riflaganlar.

    O’rta asrlarda, Italiyada XVIII va XIX asrda Frantsiyada, Yevropa va Amerika qit’asida kuydirgi kasalligi qishloq xo’jalik hayvonlari va aholi orasida keng tarqalgan. 1965 – 1967 yillarda Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrika qit’alarida 21400 ga yaqin kasallik qayd etilgan. Rossiya, Iroq, Hindiston, Italiya va Angliya Davlatlarida ham kuydirgi tez-tez uchrab turadi.

    O’zbekiston Davlat arxivida saqlanayotgan ma’lumotlarga ko’ra, Respublikamiz hududida odamlar o’rtasida kuydirgi kasalligi birinchi marta 1868 yilda ro’yxatga olingan.

    O’zbekiston Respublikasining barcha ma’muriy hududlarida kuydirgining noxush statsionar punktlari mavjud.

    Quyidagi jadvallarda ro’yxatga olingan tuproq o’choqlari va Respublikamizda qayd etilgan kuydirgi kasalliklari to’g’risida ma’lumotlar keltirilgan.

    ETIOLOGIYASI.

    Kuydirgi infektsiyasining qo’zg’atuvchisi Bacillus anthracis hisoblanadi. Gram musbat, yirik, xarakatsiz kapsula va spora xosil qiladigan batsilladir. Kuydirgi qo’zg’atuvchisi vegetativ va spora shakllarida uchraydi. Oddiy ozuqa muhitlari (go’sht – peptonli va Xottinger agarlari, go’sht bo’lüoni, qonli ozuqa, suyuq tuxumli ozuqa va boshqalar)da yaxshi o’sadi. Qattiq ozuqa muhitlarida RR—forma shaklini xosil qiladi («meduza boshi »).

    Sporalari infektsiyani tsirkulyatsiya qilishini asosiy omili hisoblanadi, sporalari o’ta chidamli bo’lib, suvda taxminan 10 yil, tuproqda esa o’n yillab saqlanadi. Aerozol shaklda ham yuqumlidir.

    EPIZOOTOLOGIYASI

    Ifloslangan tuproq kuydirgining manbai hisoblanadi.

    Hayvonlar orasida kuydirgining ko’plab tarqalishi yilning fasliga aloqador bo’lib, asosan hayvonlarni cho’llarda boqish jarayoniga bog’liqdir. Hayvonlar o’t va o’simlik ildizlarini yulib chaynaganda kasallanadilar.

    SHuningdek kasallik hayvonlarga havo-tomchi, chang-to’zonlar bilan yuqori nafas yo’llari orqali yuqadi.

    Sog’lom hayvonga kuydirgi transmissiv yo’l bilan, turli xil qon so’ruvchilar, ikki qanotli sudralib yuruvchilar orqali ham yuqishi mumkin.

    Hayvonlarda kuydirgining klinik belgilari

    Kasallikning yashirin davri 1-3 kun, ba’zida 8 kun davom etadi. Kasallik o’tkir, birdan, ba’zan esa yarim o’tkir yoki yashin tezligida boshlanadi. Xastalik yashin tezligida boshlanganda hayvon birdan yiqilib, og’zi, burni va boshqa a’zolaridan qon aralash suyuqlik (ko’pik) ajraladi, hayvon bezovtalanadi, qo’zgaluvchan bo’lib qoladi, nafas olishi va tomir urishi tezlashadi, tez orada tirishish alomatlari yuz berib, yurak faoliyati susayadi, hayvon nobud bo’ladi.

    Yirik shoxli hayvonlarda kasallik yarim o’tkir turda kechganida hayvonning tana harorati ko’tariladi (40-45 gradusgacha), eti uvishib mushaklari qisqaradi, tomir urishi tezlashadi, nafas olishi qiyinlashadi. Ovqat yemay qo’yadi, nafas olishi yanada tezlashadi, hiqildog’i shishadi, nafas olganda shovqin paydo bo’ladi. Qorni shishadi, ichakdan qon aralash suyuqlik ajralib chiqadi, siydik bilan qon ketadi, natijada hayvon tezda nobud bo’ladi. Sigirlarning sut berishi kamayadi, suti sarg’ish qon tusli bo’lib, mazasi taxir bo’ladi.

    Otlarda kuydirgi asosan ichak va teri shaklida bo’lib, infilütratlar chuqur joylashadi, ular gangrena va parchalanish bilan tugaydi. Kasallik 8-36 soat, ba’zan esa 3-6 kun davom etadi.

    Mayda shoxli hayvonlarda kasallik yashin tezligida o’tadi va hayvonlarning to’satdan nobud bo’lishi bilan tugaydi. Ularning ichki a’zolarida gemorragik shishlar paydo bo’ladi.

    CHo’chqalarda esa kasallik mahalliy uzgarishlar bilan kechadi: bo’yin, ko’krak qafasi shishadi, nafas olishi qiyinlashadi, qusish, yo’talish, xirillash alomatlari paydo bo’ladi. Burun va og’iz bo’shlig’i shilliq kavati ko’kimtir-qizil rangli bo’ladi, tilda va qattiq tanglayda shishlar, karbunkullar paydo bo’ladi, cho’chqa asfiksiyadan nobud bo’ladi. CHo’chqalarda kuydirgi ba’zan surunkali turda o’tishi mumkin.

    Demak kuydirgi kasalligining belgilari kasallangan hayvonlarning turiga qarab turlicha bo’lishi mumkin. SHu sababli kuydirgi bilan kasallangan hayvonlarni o’z vaqtida aniqlash, boshqa hayvonlardan ajratish hamda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni o’z vaqtida boshlash katta epidemiologik ahamiyatga ega.

    Hayvonlar turli yo’llar bilan zararlanadilar:

    Alimentar: sporalar tuproq (o’t-o’lanlar yeganda) va suv (suv ichganida) bilan yuqadi

    Asosan qurg’oqchilik davrida hayvonlar zararlanadilar

    Kam xollarda molxonalarda boqilgan mollar infektsiya bilan zararlangan yemlarni yeganida kasallikka chalinadilar.

    Hayvonlarni ikkinchi zararlanish yo’li–transmissiv–so’nalar chaqishi oqibatida bo’lishi mumkin.

    Hayvonlarda kuydirgi kasalligi tarqalgan shaklda o’tkir va yashin tezligida kechadi va kasallanganlarni 95% nobud bo’ladi.

    EPIDEMIOLOGIYASI

    Kuydirgi kasalligining asosiy manbalari bo’lib qishloq xo’jalik va uy hayvonlari ( yirik va mayda shoxli hayvonlar, qo’y, echki, ot, tuya va boshqalar) hisoblanadi. Hayvonlarda kasallik ko’pincha ichak shaklida o’tadi. SHuningdek xastalik it, mushuk va kemiruvchilardan ham yuqishi mumkin.

    SHuning uchun ham kasbga taalluqli va qishloq xo’jalik ishlari bilan shug’ullanuvchi shaxslar ustidan epidemiologik nazorat o’rnatish zarur. Xastalik asosan veterinariya xodimlarining ruxsatisiz qishloq xo’jalik va uy hayvonlarini so’yish, go’shtini nimtalash va odamlarga tarqatib yuborish, iste’mol qilish natijasida kelib chiqadi.

    Odamga kasallik bemor hayvonlarni parvarish qilish, ularni majburiy so’yish, o’lgan hayvonning terisini shilib olish, kasallangan hayvonlarning terisini, junini, shoxini, suyagini qayta ishlash jarayonida bevosita muloqot orqali yuqadi.

    Odam kuydirgi bilan bemor hayvonlar mahsulotlaridan tayyorlangan kiyim-kechak (palüto, po’stin, yungli yoqa, qo’lqop va shunga o’xshash) larni kiyganda, ba’zan esa kasal hayvon mahsulotlari (go’sht, sut) orqali va shuningdek, teri va jun kabi mahsulotlarni qayta ishlash jarayonida ifloslangan havo-chang orqali ham yuqishi mumkin.

    Sog’lom odamga batsillalar terining ochiq qismi, nafas olish (ifloslangan havo orqali) va ovqat hazm qilish (ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari orqali) a’zolarining shilliq qavati orqali o’tadi.

    Ba’zan esa laboratoriya sharoitida zararlanish, diversion (terroristik) qo’llashlar orqali kasallanish hollari kuzatiladi.

    PATOGENEZI

    Kuydirgining qo’zg’atuvchisi sog’lom organizmga shikastlangan teri, yuqori nafas yo’llari va oshqozon-ichak yo’lining shilliq pardasi orqali o’tadi.

    Organizmga tushgan kuydirgi tayoqchalarining bir qismi fagotsitlar tomonidan yutiladi (fagotsitoz), qolgan qismi esa limfa va qon orqali butun organizm (jigar, taloq, o’pka, ichak devori, teri osti, biriktiruvchi to’qima va boshqalar)ga tarqaladi.

    Teri orqali o’tish joyida qizarish va karbunkul paydo bo’ladi. Ko’proq terining ochiq qismi zararlanadi. Qo’l va bosh terisi bu borada eng xavfli hisoblanadi.

    Kuydirgi qo’zg’atuvchisining teri yoki shilliq parda orqali qonga o’tishi kuydirgi sepsisini keltirib chiqaradi. Yuqori nafas a’zolari orqali organizmga tushganda kasallikning o’pka shakli kelib chiqadi. O’pkada gemorragik pnevmoniya belgilari namoyon bo’ladi.

    Kuydirgi qo’zg’atuvchisining og’iz orqali organizmga tushishi natijasida ichak shilliq pardasida nekrotik o’choqlar paydo bo’lib sepsisni keltirib chiqaradi. Kasallikning qaysi turi kelib chiqishidan qat’iy nazar limfa bezlari shikastlanadi.

    Natijada suv va oqsil moddalarining organizmga so’rilishi buziladi, shish va nekroz o’choqlari paydo bo’ladi. Qonda kuydirgi qo’zg’atuvchilari ko’payib, ularning zaharli moddalarining miqdorini o’sishi kuzatiladi. Organizmning kuchli zaharlanishi natijasida tana haroratining ko’tarilishiga, yurak-qon tomir sistemasi faoliyatining buzilishiga va shokka olib keladi.

    Immunitet va uning xususiyatlari

    Kuydirgi kasalligiga odamlarning moyilligi yuqori bo’lib, ko’pincha uy va qishloq xo’jalik hayvonlarini parvarish qilish bilan bog’liq bo’lgan kattalar va bolalar kasallanadilar.

    Sog’lom organizmga tushgan kuydirgi mikroblari organizmning himoya kuchidan halok bo’ladi. Ushbu holat bemor organizmida pretsipitinlar, agglyutininlar, komplement bog’lovchi antitelolar paydo bo’lishi bilan bog’liq.

    Bemor tuzalgandan so’ng uning qonida kasallik chaqiruvchi batsillalarga qarshi immunitet hosil bo’ladi. SHuning uchun ham kuydirgi bilan ikkinchi marta kasallanish juda ham kam uchraydi.

    KLINIKASI

    Kuydirgining teri shaklida batsillalar kirgan joyda 2-3 kundan so’ng qichiydigan qizg’ish dog’ bo’lib, u tezda qizil tusli pufakcha (papula) ga aylanadi, pufakcha loyqa, qonsimon suyuqlik bilan to’ladi va pustulaga aylanadi. Uning qattiq qichishi tufayli bemor uni ko’pincha yorib tashlaydi.

    Natijada u ko’mir rangini eslatuvchi to’q qizil rangli val («dur xaltasi») bilan o’ralgan infilütratga aylanadi. Uning atrofida ikkilamchi pustulalar paydo bo’ladi. Yara shishadi, yara markazida og’riq bo’lmaydi. Bu davrda limfa bezining kattalashishi ham namoyon bo’ladi.

    Kasallikning boshlanish davrida bosh og’rig’i, butun tananing zirqirashi, nafas olishining tezlashishi, kasallikning 2-3- kunlari esa tana haroratining 39-40 darajaga ko’tarilishi va zaharlanish belgilarining kuchayishi kuzatiladi. Boshning og’rishi kuchayadi, bemor holsizlanadi, qon bosimi pasayadi. Jigar va buyrak kattalashadi. 5-8 kundan so’ng bemorning ahvoli yaxshilana boshlaydi.

    Kuydirgi teri shaklining eng xavfliligi uning sepsis shakliga, ya’ni batsillalarning qonga o’tib ketishidir. Unda bemorning ahvoli og’irlashadi. Bemor yo’talganda qon aralash balg’am ajratadi, qon aralash qusadi, ichi ketadi, najasida qon paydo bo’ladi.

    O’pka shakli. Kasallikning o’pka shakli juda og’ir o’tadi va ko’pincha o’lim bilan tugaydi. Xastalik tez boshlanadi, bemorda shamollash belgilari, ko’krak qismida o’tkir og’riq paydo bo’ladi, nafas olishi qiyinlashadi, qon bosimi pasayadi. Yurak urishi tezlashadi, balg’amda qon paydo bo’ladi. Xastalik 2-3 kun davom etishi mumkin.

    Ichak shakli. Kuydirgining ichak shakli umumiy zaharlanish, tana haroratining ko’tarilishi, qorinda o’tkir og’riq paydo bo’lishi, ko’ngil aynishi, qon aralash qusish va ich ketishi bilan xarakterlanadi. Bemorning ahvoli tezda og’irlashadi va kasallik o’lim bilan tugaydi.

    Og’iz-xalqum shaklida xalqum yallig’langan, disfagiya, zararlangan tomonda bo’yinningog’riqli regionallimfadenopatiyasi, jarayon rivojlanganda – bo’yinda va ko’krakning oldingi devorlarida salmoqli shish, o’tkir nafas yetishmovchiligi kuzatiladi.

    Tashxisoti: kasallikning klinik alomatlari, bemordan olingan epidemiologik anamnez va laboratoriya tekshiruvlari natijalariga asoslangan xolda qo’yiladi.

    Kuydirgi kasalligining laboratoriya diagnostikasi:

    1.Bakteriologik

    2.Bakterioskopik

    3. Biologik

    4.Molekulyar-genetik (polimeraza zanjir reaktsiyasi)

    Kuydirgi kasalligida laboratoriya tekshiruvi uchun quyidagi materiallar olinadi:

    SHakli

    Namunalar

    Teri shakli

    Pufakchalardan ajralma, yara tubi yoki qora qo’tir chetidan surtma, punktsion biopsiya

    O’pka shakli

    Balg’am, (tomoqdan surtma), qon, plevral suyuqlik

    Ichak shakli

    najas, qusuq massasi,qon, astsitik suyuqlik

    Og’iz-xalqum shakli

    qon,tomoqdan surtma,balg’am

    Meningeal shakli

    Orqa miya suyuqligi, qon

    QIYOSIY TASHHIS

    Kuydirgi kasalligining teri shaklini furunkul, karbunkul, manqa (sap), o’latning teri va tulyaremiyaning yara-bez turlaridan farqlamoq lozim.

    Furunkul va karbunkullarni yiring chaqiruvchi mikroblar – kokklar keltirib chiqaradi. Bundan teri qizarib shishadi va asta – sekin yiring yig’iladi, yara ustida qora parda paydo bo’lmaydi, isitma baland bo’ladi. Paypaslaganda og’riq kam bo’ladi.

    Kuydirgining teri shaklida esa yara usti qizaradi, papula, pustula, qora parda bilan qoplanadi va og’riq sezilmaydi.

    O’latning teri turida burga chaqqan joy qizaradi, shishib ketadi, tsianoz kuzatiladi, palüpatsiya qilinganda qattiq og’riq seziladi, umumiy zaharlanish belgilari kuzatiladi.

    Tulyaremiyaning yara-bez turida teri qizaradi, shishib ketadi, og’riq seziladi, isitma ko’tariladi.

    Manqa (sap)da harorat ko’tariladi, et uvishadi, badan zirqirab og’riydi, sepsis alomatlari paydo bo’ladi, infektsiya tushgan joy qizarib pustulaga aylanadi. Uning usti yaltiroq, yog’ surtgandek ko’rinadi, limfadenit alomatlari kuzatilib og’riq beradi.

    Bemordan yig’ilgan kasallikning kelib chiqish tarixi, uning shikoyatlari xastalik sababini aniqlashda katta yordam beradi.

     

    DAVOLASH

    Kompleksli va individuallashtirilgan bo’lishi kerak.

    Davolash uchta komponentdan tashkil topgan bo’lishi lozim.

    •etiotrop

    •patogenetik

    •simptomatik

    Kuydirgini teri (yarali) shaklini davolashda tsiprofloksatsin, doksitsiklin va amoksitsillin Imipenem, klindamitsin, rifampin, makrolidlar kabi antibiotiklardan foydalaniladi.

    Maxsus immunoterapiyada kuydirgiga qarshi globulin quyidagi dozalarda foydalaniladi:

    •Engil kechishida 20 ml gacha

    •O’rta og’ir kechishida–20-40 ml

    •Og’ir kechishida–60-80 ml

    •Zaruriyat tug’ilganida muolajalarni qaytarish mumkin

    • Kurs dozasi 300 - 400 mlga yetishi mumkin (septik shaklida)

     

    PROFILAKTIKA VA EPIDEMIYAGA QARSHI CHORA TABDIRLAR

    1.Kuydirgini oldini olish chora-tadbirlari kompleks reja asosida olib boriladi.

    2.Kompleks reja har bir tuman, viloyat, respublika uchun mahalliy sharoitlarni va chorvachilikning rivojlanishini hisobga olgan holda tuziladi va unda quyidagilarni inobatga olish lozim:

    1. Kuydirgi jihatidan noxush punktlarni hisobga va ro’yxatga olish.

    2. Ushbu noxush punktlarda qishloq xo’jalik va uy hayvonlarini yoppasiga kasallikka qarshi emlash.

    3. Bu punktlarda sog’lomlashtiruvchi meliorativ va agrotexnika choralarini o’tkazish, suv havzalarini ifloslanishdan saqlash.

    4. Hayvonlarni haydash yo’lida, boqish maydonlarida, saqlanadigan xonalarni muntazam nazorat qilib borish.

    5. Teri tayyorlash, saqlash, tashish va qayta ishlash jarayonida veterinariya – sanitariya qoidalariga amal qilish.

    6. Hayvonlar orasida kuydirgini ajratish hamda ularni chivin va pashshalar chaqishidan muhofaza qilish, o’choqlarda epizootologik tekshiruv o’tkazish, o’lgan hayvonlarni yuqumsizlantirish, o’choqlarda joriy va yakunlovchi dezinfektsiya o’tkazish.

    7. Aholining dekretiv guruhi (qassoblar, chorvadorlar, hayvon mahsulotlarini qayta ishlovchilar, cho’ponlar va boshqalar)ni kuydirgiga qarshi emlash.

    8. Aholi orasida sanitariya maorifi ishlarini olib borish.

    9. Kasallik aniqlangan hudud alohida hisobga olinib, xo’jalikdagi hayvonlar kuydirgiga qarshi emlanadi va atrofdagi hayvonlar ustidan nazorat o’rnatiladi.

    10. O’lgan hayvonlar jasadini 2 m chuqurlikka 25 sm qalinlikdagi xlorli ohaq aralashmasi solib ko’miladi. Kuydirgi aniqlangan xo’jalik yoki o’choqda 15 kunga karantin e’lon qilinadi.

    11. Xo’jalik hayvonlarini umumiy suv havzalarida sug’orish ta’qiqlanadi. Kasal hayvon turgan bino yaxshilab tozalanadi, xar 7 kunda va yakunlovchi dezinfektsiya qilinadi.

    12. Hayvonlarni parvarish qiluvchi buyumlar ham zararsizlantiriladi. Bunda metall buyumlar, brezent, paxta anjomlari qaynatiladi yoki 1% li sodada 90 daqiqa saqlanadi, bug’-formalin kamerasida tutiladi yoki sulema karbol kislotasiga botirib qo’yiladi.

    13. Kasal mollarni boqadigan shaxslar orasida shoshilinch profilaktika (antibiotiklar, immunoglobulin) ishlari o’tkaziladi.

    print

    O`xshash maqolalar

ISHONCH TELEFONI

(0-436) 220-30-15
Manzil: Navoiy shahar, Navoiy ko`chasi, 8-uy.
Pochta indeksi: 210100
Ish vaqti: 08:00 - 17:00
Fuqarolar arizalarini qabul qilish bo`limi: 08:00 - 18:00
Tushlik vaqti: 12:00 - 13:00
Aloqa raqami: (0-436)2203015,
Faks: (0-436) 2203016; (0-436) 2203499
Ishonch telefoni: (0-436) 2203015
Elektron pochta: dsenm@nv.uz
Qabul kunlari: har haftaning chorshanba va shanba kuni 10:00 dan 12:00 gacha
Veb-saytni yuritish bo`yicha mas`ul xodim: Zarifa K. Boboyeva, tel.: (0-436) 220-30-16

KO`P KO`RILGAN
26 sentyabr

×óìà

VIDEOLAVHALAR
MA`LUMOTLAR ARXIVI
Navoiy viloyati DSENM ishini qanday baholaysiz?
Ovoz berish

MAXSUS IMKONIYATLAR

eye

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish