Navoiy viloyat DSENM
/ / O‘LAT
/ / O‘LAT

    O‘LAT


    TA’RIFI. O‘lat – bakteriya qo‘zg‘atadigan, turli xil yuqish mexanizmiga ega bo‘lgan, odamda isitmalash, og‘ir intoksikatsiya, limfa tugunlarining yallig‘lanishi va organizmning zararlanishi bilan kechadigan zoonoz tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.

    O‘lat insoniyatga azaldan ma’lum kasalliklardan biri hisoblanadi. Qadimda millionlab odamlarni yostig‘ini quritganligi, odamlarni daxshatga solib, qirg‘inlarga sabab bo‘lganligi uchun ham ushbu kasallik «o‘lat» deb nom olgan.

    Eramizdan ming yillar avval yashagan Yunon shoiri Gomer o‘zining mashhur «Illiada»

    Insoniyat o‘latning 3 ta pandemiyasini o‘z boshidan kechirgan.

    Birinchi pandemiya 527-580 yillarda qayd etilgan bo‘lib, 100 mln.ga yaqin kishi hayotdan ko‘z yumgan. Tarixda bu pandemiya «Yustiniyan chumasi» nomi bilan qolgan. Kasallik Misr, O‘rtaer dengizi va Yaqin Sharq davlatlarida (portlarda) boshlanib, Yevropa davlatlarigacha yetib borgan.

    Tarixda «qora o‘lim» nomi bilan qolgan ikkinchi pandemiya 1333 yilda Xitoyda boshlanib, Hindiston, Afrika va Yevropa davlatlariga o‘tib, 50 mln.dan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. 1364 yilda o‘lat Osiyodan Rossiyaning qator hududlariga kirib kelgan.

    O‘latning uchinchi pandemiyasi 1894 yilda Xitoy va Xindistonda boshlanib, 100 minga yaqin kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

    Shundan keyingi 10 yil mobaynida o‘lat pandemiyasi dunyoning dengizga yaqin bo‘lgan 87 port shaharlarida ro‘yxatga olinib, 12 mln.dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

    O‘latning bo‘lib o‘tgan pandemiyalarida 200 mln.ga yaqin kishi vafot etgan.

    D.K.Zabolotniy o‘lat tabiiy o‘choqli kasallik ekanligi to‘g‘risidagi gipotezani ilgari surgan bo‘lsa, uchinchi pandemiya davrida, aniqrog‘i, 1897 yilda fransuz olimi Aleksandr Yersin va uning yaponiyalik hamkasbi Shibasaburo Kitazatolar bemor odam va kalamushdan o‘lat kasalligining qo‘zg‘atuvchisini aniqlagan.

    Ogata va Simonlar 1898 yilda o‘lat kasalligi tarqalishida burgalarning roli borligini e’tirof etishgan.

    D.K.Zabolotniy va L.M.Isaevlar 1911 yilda cho‘ldan tutib olib kelingan kemiruvchi (sug‘ur) dan, I.A.Deminskiy 1912 yilda yumronqoziqdan o‘lat qo‘zg‘atuvchisini ajratib olgan. Bokot va Martinlar o‘lat qo‘zg‘atuvchisi yuqqan burgadan «o‘lat bloki» fenomenini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

    Tabiiyki, bu kashfiyotlar o‘lat kasalligining oldini olish va u bilan kurashishda muhim ahamiyat kasb etgan.

    Oxirgi yillarda dunyoda o‘lat kasalligining epidemiyasi kuzatilmayapti,bugungi kunda bu kasallik faqat sporadik (tarqoq) holatda cho‘l va tog‘ tabiiy o‘choq hududlarida ro‘yxatga olinmoqda.

    Respublikamizda o‘lat kasalligining oxirgi holatlari 1990,1999 yillarda Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida ro‘yxatga olingan (Uchquduq va Tomdi tumanlarida).

    Hozirgi paytda Yer kurrasi suvsiz qismining 6-7 foizi o‘lat kasalligi bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlardir.

    Respublikamizning ham 19 mln. gektar yer maydoni (cho‘l, tog‘li hududlari) o‘lat

    kasalligi bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanadi.

    Shundan:

    -o‘latning Ustyurt tabiiy o‘chog‘i (Qoraqolpog‘iston Respublikasi) - 4,0 mln. ga;

    - o‘latning Qizilqum tabiiy o‘chog‘i (Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari) -14,72 mln. ga;

    - o‘latning Qoraqum tabiiy o‘chog‘i ( Xorazm viloyati) - 0,1 mln. ga;

    - Qirg‘iziston davlati bilan chegaradosh o‘latning tog‘li tabiiy o‘chog‘i (Toshkent va

    Namangan viloyatlari) - 0,1mln.ga;

    - Tojikiston davlati bilan chegaradosh o‘latning tog‘li tabiiy o‘chog‘i (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari) – 0,08 mln.ga.

    O‘lat kasalligining qo‘zg‘atuvchisi biologik qurol sifatida foydalanilishi mumkin. Tatarlar 1346 yilda urush paytida o‘latni tarqatish maqsadida o‘latdan o‘lgan odam jasadini Kafu shahriga, ikkinchi jahon urushi davrida esa Yaponiya Xitoyning Ningxo shahriga o‘lat qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan burgalarni tashlaganlar.

    ETIOLOGIYaSI.

    O‘lat qo‘zg‘atuvchisi (Yersinia pestis) Yersinia va Entrerobacteriaceae oilasiga mansub bo‘lib, o‘lchami 0,3-0,5mkm. O‘lat bakteriyasi spora hosil qilmaydi, xivchinlari yo‘q, harakatsiz. Barcha anilin bo‘yoqlari bilan yaxshi bo‘yaladi, Gram manfiy. Lyoffler ko‘ki yoki Romanovskiy – Gimza bo‘yoqlari bilan bo‘yalganda, bipolyarlik xususiyatiga ega bo‘lib, yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qo‘zg‘atuvchi go‘sht – peptonli bulon va agarda (RN 7,0 – 7,2) 28 – 370S haroratda yaxshi o‘sadi. Yersinia pestis o‘zida termostabil somatik, termolabil kapsula va boshqa 30 ga yaqin antigenlarni saqlaydi.

    · O‘lat qo‘zg‘atuvchisi tashqi muhitga uncha chidamli emas, +220S da 4 oy davomida tirik saqlanadi, +50 – 700S da 30 minutda, +1000S da esa bir minutda, quyosh nurida esa bir necha soatda nobud bo‘ladi. Past haroratda o‘lat bakteriyalari bir necha oy davomida yashaydi, qo‘zg‘atuvchi och qolgan burgaga yuqtirilganda -100 S da 396 kun, Kanada 500 kungacha saqlanadi. Dezinfeksiyalovchi moddalar eratmalari (lizolning 3-5%, karbol kislotasining 3%, xlorli ohakning 10% li eritmalari ), shuningdek, antibiotiklardan streptomitsin, levomitsetin, tetrasiklin, gentamitsinlarga o‘lat bakteriyasi sezgir xisoblanadi.

    · EPIZOOTOLOGIYaSI

    · O‘lat qo‘zg‘atuvchisi 300 ga yaqin hayvonlarga yuqishi aniqlangan (kemiruvchilar, quyonsimonlar, qishloq ho‘jalik hayvonlaridan tuyalar). Tabiy o‘choqlarda o‘lat qo‘zg‘atuvchisining saqlanishida katta qumsichqonlar, tushkan va qizil dumli qumsichqonlar, yumronqoziqlar, tovushqonlar, kalamushlar va shularga o‘xshash yovvoyi kemiruvchilar asosiy o‘rin tutadi.

    · Kemiruvchilar o‘rtasida vaqti-vaqti bilan o‘latning epizootiyasi kuzatilib, ularning bir qismi qirilib ketadi. Qemiruvchilarning yana bir qismi uyquga ketadi, ularda kasallik latent shaklida o‘tadi va keyingi yil bahor va kuzda ular kasalikning manbalariga aylanadi. O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan o‘latning tabiy o‘choqlarida epizootiyaning davomiyligi 1,3,7,14,21 yillarni tashkil etadi. Hududimizda o‘latning shunday tabiiy o‘choqlari mavjudki, bu tabiiy o‘choqlarda uzluksiz epizootiya davom etib turadi.

    · O‘lat qo‘zg‘atuvchisining kasallangan hayvonlardan sog‘ hayvonlarga o‘tib turishi o‘lat epizootiyasini davom etishi va tabiiy o‘choqni saqlanishini ta’minlaydi. Bu vazifani Xenopsilla ga mansub burgalar bajaradi. Hozirgi kunda 120 dan ortiqroq burga turlarining o‘lat qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlanishi (yuqishi) aniqlangan. Bu burgalar kemiruvchilarning ektoparazitlari hisoblanadi. Burga qonni bir marta so‘rganida, qon bilan 5000 tagacha qo‘zg‘atuvchini yutadi. Burganing oshqozon oldi qismida o‘lat tayoqchalari shunchalik tez sur’atda ko‘payadiki, taxminan 3 haftadan so‘ng, hazm qilish yo‘li bundan tiqilib, o‘ziga xos bakteriyali tiqin (probka) hosil qiladi, boshqacha aytganda, «o‘lat bloki» deyiladi. Burganing hazm qilish yo‘li tiqilib qolishi natijasida, u navbatdagi sog‘lom hayvonni chaqqanida qon oshqozonga o‘tmaydi va qaytadan hayvon qon oqimiga tushadi, bu hayvonning zararlanishiga olib keladi.

    · Burganing «yuqumliligi» bir oy davom etadi (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra bu davr bir yilgacha davom etishi mumkin).

    · O‘latning epizootiyasi asosan burgalar makonida davom etadi. Burgalar o‘ziga o‘lat qo‘zg‘atuvchisini kemiruvchilardan, tuya va boshqa hayvonlardan yuqtirib oladi.

    · Kemiruvchilar, shuningdek, tuya va boshqa hayvonlar jasadini tark etgan burga, oziqlanish uchun boshqa tirik kemiruvchiga yoki hayvonga tashlanadi, odamga hujum qiladi va ularga o‘lat kasalligini qo‘zg‘atuvchisini yuqtiradi.

    · EPIDEMIOLOGIYaSI

    · Respublikamiz hududida odamlar uchun o‘lat kasalligining yetakchi manbalari katta va kichik qumsichqonlar, yumronqoziq, sug‘ur va tuyalar hisoblanadi.

    · O‘latning o‘pka shakli, ayrim hollarda o‘latning sepsis shakliga chalingan odamlar, kasallik qo‘zg‘atuvchisining xavfli manbai hisoblanadi.

    · O‘lat qo‘zg‘atuvchisining asosiy tashuvchisi burgalar bo‘lsa, ayrim holatlarda kanalar ham odamlarga o‘lat kasalligini yuqtirishi mumkin.

    · O‘lat kasalligi qo‘zg‘atuvchisining yuqish mexanizmlari turlicha.

    · Burgalar chaqishi natijasida kasallik qo‘zg‘atuvchisi transmissiv yo‘l bilan odamga yuqadi. Tabiiy sharoitda o‘lat qo‘zg‘atuvchisining bunday yuqishi yetakchi yuqish yo‘li hisoblanadi. O‘latga chalingan kemiruvchi yoki quyonning terisini shilganda, tuyaning go‘shtini maydalaganda kasallik teridagi jarohat orqali ham yuqadi, bunday yuqish yo‘li kontakt yuqish deyiladi. O‘latga chalingan hayvonning go‘shtini yetarli termik ishlov bermasdan iste’mol qilganda, kasallik odamga alimentar yo‘l bilan yuqadi. O‘latning o‘pka shaklida kasallik qo‘zg‘atuvchisi havo - tomchi yo‘li orqali yuqadi. Laboratoriya sharoitida esa kasallik aerogen yo‘l bilan, ya’ni qo‘zg‘atuvchi sachraganda yuqishi mumkin.

    · O‘latning bubon shaklida o‘lat bakteriyasi tashqi muhitga chiqmaydi, shu sababli kasallikning bu shaklida bemor atrofdagilarga hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Respublikamiz hududidagi o‘latning tabiiy o‘choqlarida oxirgi 65 yil davomida o‘lat kasalligi bilan kasallangan bemorlar hujjatlari tahlil qilinganda, kasalliklarning 100% i o‘latning bubon shakli bilan og‘rigan. Bundan ko‘rinib turibdiki odamlarga kasallik yuqtirishda burgalar asosiy rolni o‘ynaydi. Shuning uchun o‘latning tabiiy o‘choqlaridagi asosiy profilaktik ishlar dezinseksiya tadbirlariga qaratiladi.

    · O‘latning o‘pka shakliga chalingan bemorlar atrofdagilar uchun juda xavfli hisoblanadi. Bemor yo‘talganda 2 m masofagacha o‘lat qo‘zg‘atuvchisini tarqatishi mumkin. Bemorni zudlik bilan alohidalash (izolyatsiya qilish) va shaxsiy profilaktika qoidalariga qat’iy rioya etilishi kasallik tarqalishi oldini oladi.

    · O‘latning ikki xil o‘choqlari farqlanadi: birinchisi – tabiiy birlamchi («yovvoyi o‘lat») o‘chog‘i. Bunda o‘lat qo‘zg‘atuvchisining saqlovchisi turli xil kemiruvchilar hisoblanadi.

    · Ikkinchisi – sinantrop (antropurgik) o‘choq yoki bu tur o‘choqqa «kalamush», «shaxar», «port» o‘choqlari ham deyiladi. O‘latning tabiiy o‘choqlari Antarktikadan boshqa dunyoning barcha qit’a hududlarida uchraydi.

    · PROFILAKTIKASI

    · O‘lat kasalligi zooantroponoz kasallik bo‘lganligi uchun bu kasallikni xam xayvonlar, xam odamlar o‘rtasida oldini olish choralarini ko‘rish lozim. Chunki boshqa eoonoz kasalliklardagidek o‘lat kasalligida ham o‘lat bo‘yicha epizootik vaziyat barqarorligini ta’minlamasdan turib, epidemiologik baqarorlikka erishib bo‘lmaydi.

    · O‘lat kasalligining oldini olish chora – tadbirlari asosan ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi:

    · -kasallikning hududimizga chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish;

    · -o‘lat kasalligi bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlardagi aholini o‘lat kasalligidan muhofazalash.

    · Hududimizga o‘lat kasalligining chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarini kesib o‘tish joylarida sanitariya nazorat punktlari (SNP) tashkil etilgan. Bu SNPlari o‘z faoliyatini asosan chegara, bojxona, veterinariya xizmatlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi. Davlat chegarasidan kirayotgan barcha chet el fuqarolari va sayyohlar o‘ta xafli yuqumli kasalliklar bo‘yicha so‘rab surishtirilishi kerak, bunda ayniqsa o‘lat bo‘yicha endemik noxush hududlardan kelayotlanlarga ko‘proq e’tibor qaratilishi lozim.

    · Bundan tashqari, chet eldan olib kelinayotgan oziq- ovqat maxsulotlari va nooziq maxsulotlarining, bo‘g‘imoyoqlilar bilan zararlangan - zararlanmaganligiga e’tibor qaratilishi kerak.

    · SNP larida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

    · - mamlakatimizga o‘lat bo‘yicha endemik noxush xududlardan kelgan fuqarolar kelgan vaqtidan boshlab 6 kun mobaynida tibbiy kuzatuvga olinadi;

    · - samolyot yoki kemada o‘lat kasalligi bilan kasallangan odam yoki kemiruvchi topilgan bo‘lsa, unda shu transport vositasi o‘lat bilan zararlangan deb baxolanadi;

    · - agar samolyot yoki kemada o‘latning o‘pka shakli bilan zararlangan bemor bo‘lib, u 6 kunlik izolyatsiyaga jalb etilmagan bo‘lsa xam, samolyot yoki kema o‘lat bilan zararlangan, deb xisoblanadi.

    · Zararlangan yoki zararlandi, deb shubxa tug‘dirgan kema yoki avtomobil trasporti, samolyot yoki poezdda o‘lat kasalligiga chalingan (gumon qilingan) odam aniqlansa, quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:

    · - yetib kelgan vaqtdan boshlab 6 kun muddat davomida ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar ustidan tibbiy nazorat o‘rnatiladi;

    · - yuk, buyumlar, o‘rin- ko‘rpa, choyshablar, muloqatda bo‘lganlarning kiyimlari, transport esa to‘liq dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatiya qilinadi.

    · Transport vositasida kemiruvchilar aniqlansa, dezinfeksiya va dezinseksiya bilan birgalikda deratizatsiya xam o‘tkaziladi. Amalga oshirilgan dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazilganligini tasdiqlovchi guvoxnoma beriladi.

    · Respublikamizning salkam 3/2 qismi o‘lat kasalligi bo‘yicha tabiiy o‘choqli hudud hisoblanadi. Shu bois ham respublikamizda birinchi navbatda o‘lat kasalligi bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlarda aholini o‘lat kasalligidan muhofaza etish bo‘yicha chora tadbirlar keng ko‘lamda tashkil etilishi va olib borilishi kerak.

    · O‘lat kasalligi bo‘yicha bu tabiiy o‘choqlarda doimiy ravishda epizootologik va epidemiologik nazorat olib borish Respublika KO‘XYuKMM hamda uning joylardagi filiallari, bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.

    · Respublika KO‘XYuKMM mutaxassislari o‘latning tabiiy o‘choqlarida muntazam ravishda ekspeditsiyalar uyushtirib, tekshirish natijalariga qarab, epizootologik holatni aniqlaydi.

    · Olib borilgan tekshirishlar natijalari bo‘yicha hokimliklarga, shuningdek joylardagi sog‘liqni saqlash, DSENM, veterinariya va boshqa dahldor tashkilot raxbarlariga o‘lat kasalligi bo‘yicha yuzaga kelgan epizootik vaziyat va olib borilishi lozim bo‘lgan tadbirlar bo‘yicha tegishli tavsiyalar beradi.

    · KO‘XYuKMM otryadlari (mutaxassislardan iborat gurux) tomonidan ma’lum maydondagi kemiruvchilar (ularning murdalari) va burgalar soni o‘rganiladi hamda vaziyat baxolanadi.

    · Yovvoyi xayvonlar tutilib, o‘latga serologik va bakteriologik tekshiruvlardan o‘tkaziladi.

    · Epizootologik kuzatuvlar o‘tkazilganda o‘lat bo‘yicha epizootologik jixatdan xavfli hisoblangan hududlarda istiqomat qiluvchi aholi soni, ularning xizmat doirasi, nimalar bilan shug‘ullanishi, kasallik manbalari va qo‘zg‘atuvchisi bilan muloqotda bo‘lish darajasi, shuningdek tuyachilik xo‘jaliklarining mavjudligi, ulardagituyalar soni, ishlaydigan ishchi xizmatchilar soni, bundan tashqari, hududddagi mo‘ynali yovvoyi hayvonlar turi, soni, ularni ovlash bilan shug‘ullanadigan, teri qabul qilish punktlarining holati, ularda sanitariya-veterinariya talablari, bu qoidalarga rioya qilinishi, aholi yashaydigan hududlardagi uy sichqonlari va yaqin joylardagi dala kalamushlarining joylashishi o‘rganiladi.

    · O‘lat kasalligi bo‘yicha murakkab epizootik vaziyat aniqlangan doimiy va vaqtinchalik aholi yashaydigan hududlar hisobga olinib, barcha profilaktik chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

    · Respublika KO‘XYuKMM va uning joylardagi filiallari, bo‘limlari tomonidan o‘lat bo‘yicha epizootik xavfli hisoblangan hududlarda dala kalamushlari va burgalarni qirish (deratizatsiya va dezinseksiya) ishlariolib boriladi.

    · O‘lat kasalligi bo‘yicha epizootik xavfli xududlarda tuyalarning kasallanib qolishi va ulardan odamlarga kasallik yuqishini oldini olishga e’tibor kuchaytiriladi. Tuyalar ustidan kuzatuv veterinariya xizmati xodimlaritomonidan olib boriladi. O‘lat bo‘yicha epizootologik noxush xududlardan tuyalar boshqa hududlarga ko‘chirilishi masalasi veterinariya xizmati tavsiyasi bo‘yicha amalga oshirilishi kerak.

    · Davolash – profilaktika muassasalari, ayniqsa o‘lat bo‘yicha tabiiy o‘choqlarda joylashgan tibbiyot xodimlari o‘lat kasalligining epizootologiyasi, epidemiologiyasi, klinikasi, tashxisoti va profilaktikasi, shuningdek, birlamchi chora-tadbirlar bo‘yicha puxta tayyorgarlikdan o‘tkazilishi shart.

    · Tibbiyot va veterinariya xizmati xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida o‘lat kasalligining oldini olish bo‘yicha muntazam sanitariya-targ‘ibot ishlari olib borilishi kerak.

    · O‘lat kasalligining oldini olish bo‘yicha maxsus profilaktika, ya’ni o‘latga qarshi vaksina ishlab chiqarilgan. Odamlarni o‘latga qarshi emlash uchun tirik quritilgan YeV vaksinasidan foydalaniladi. O‘lat kasalligiga qarshi axolini emlash ishlari Respublika KO‘XYuKMM, DSENMlar tavsiyalari asosida amalga oshiriladi.

    · EPIDEMIYaGA KARShI ChORA-TADBIRLAR

    · O‘lat kasalligi aniqlanganda quyidagi epidemiyaga qarshi chora tadbirlar o‘tkaziladi:

    · -bemorlar aniqlangan joyda ularni birlamchi izolyatsiya qilish;

    · -tashxis qo‘yish va maxsus shifoxonaga yotqizib, davolash;

    · -bemorlar to‘g‘risida belgilangan tartibda xabar berish;

    · -bemorlar bilan muloqatda bo‘lganlarni aniqlash, izolyatsiya qilish, profilaktik davolash;

    · -o‘lganlarni aniqlash: bakteriologik tekshirish va qat’iy qoida asosida ko‘mish;

    · -o‘choqni zarasizlantirish (dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya);

    · -vaksinatsiya;

    · -kasallikka gumon qilinganlarni provizor bo‘limiga yotqizish, ularni tekshirish va davolash;

    · -axoli ustidan tibbiy nazorat olib borish;

    -sanitariya-targ‘ibot ishlarini tashkil qilish.

    print

    O`xshash maqolalar

ISHONCH TELEFONI

(79) 220-30-15
Manzil: Navoiy shahar, Navoiy ko`chasi, 8-uy.
Pochta indeksi: 210100
Ish vaqti: 08:00 - 17:00
Fuqarolar arizalarini qabul qilish bo`limi: 08:00 - 18:00
Tushlik vaqti: 12:00 - 13:00
Aloqa raqami: (79)2203015,
Faks: (79) 2203016; (79) 2203499
Ishonch telefoni: (79) 2203015
Elektron pochta: dsenm@nv.uz; nvi.vil.dsenm@minzdrav.uz
Qabul kunlari: har haftaning chorshanba va shanba kuni 10:00 dan 12:00 gacha
Veb-saytni yuritish bo`yicha mas`ul xodim: Zarifa K. Boboyeva, tel.: (79) 220-30-16

KO`P KO`RILGAN
14 iyul

TRIXOFITIYA

12 iyul

O‘LAT

VIDEOLAVHALAR
MA`LUMOTLAR ARXIVI
Navoiy viloyati DSENM ishini qanday baholaysiz?
Ovoz berish

MAXSUS IMKONIYATLAR

eye

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish